Haqliq "Mushtum"i haqinda

Kulgu va hajvning ijtimoiy muammolarga qarshi kurashdagi o'rni salmoqli. Satiraning, yumorning tili va tig'i o'tkir, mo'ljalga aniq uradigan bo'lishi jamoatni, pirovardida jamiyatni isloh etishga xizmat qiladi. Zero, illatning ildiziga urilgan birinchi bolta uning fosh etilishi bo'lsa, ikkinchisi uning hajv nishoniga olinishi, mazaxlanishidir. Kishining har qanday og'ir vaziyatda ham kula olishi, yumor hissini yo'qotmasligi kuchlilik belgisi. Kulgu – kuch, g'oliblik demak. Sizni azoblayotgan dardibalolardan ustunlik demak.

Jamiyatning og'riqli nuqtalarini ochiqlash, muammolarga oyna tutish maqsadida Abdulla Qodiriy, Gʻozi Yunus, Abdulhamid Cho'lpon kabi chin maslak kishilarining yaxshi niyati bilan ochilgan “Mushtum” jaridasi bugun bir asrlik dovonni oshib o'tdi.

Favqul-odat chiqishlari bilan hukumat va xalqni taftishot qilishi, illatlarni xivich bilan savalab, “qo‘li qadoqlar sinfining mushti” ga aylanishiga umid bog'langan Mulla "Mushtum"ning boshidan kechirganlari, yegan mushtlari bir emas, bir nechta kitobga jo bo'ladi.

Shunday olatasirlardan omon chiqib, u bugun "Mushtum bobo" sifatida asrlik to'yini nishonlamoqda. Mazlumlar mushtumi bo'lish-chun tug'ilgan, o'z vaqtida propaganda gurzisiga aylantirilgan "Mushtum" asliga qaytishga, Qodiriy tomonidan zimmasiga yuklatilgan vazifa - “el ichida oralab, haqiqatni qoralab, yaxshidan yomonni saralab” beradigan nashr bo'lishga kirishgan. U buni qanchalik uddalayapti? Quyida shu savolga javob qidiramiz.

Mazlumlar "Mushtum"i

1923-yilning 18-fevral sanasidan boshlab jadidlarning o‘z hisobidan 3000 nusxada chiqishni boshlagan sakkiz sahifalik jurnal achchiq kulgu yo‘g‘rilgan karikaturalari bilan bir necha sonidayoq shuhrat qozondi.

Jurnalning “mullajiring tufayli oqsoqlanib, ba’zan ko‘rinmay qolishi” tahririyatni “Nimaga o‘z vaqtida chiqmaydir, “Mushtum” musht yedimi, nima bo‘lsa ham uni davom ettirish kerak” mazmunidagi savol va tilaklar yomg‘iri ostida qoldirgan. Bu haqida Julqunboy shunday yozadi: “Masalaning uchi mullajiring chervon alayhisallomga borib taqaladi. “Mushtum” hukumat hisobidan chiqmaydur. Tomning qorini kurash, suv, o‘tun keltirish “Mushtum”ning o‘z ustiga tushgandir”.

Demak, 20-yillar "Mushtum"i moliyaviy mustaqil, erkin jurnalistikaning yaqqol namunasi edi. Shu bois u jamiyat rivojiga to'siq bo'lishi mumkin bo'lgan barcha illatlarni qo'rqmay, dadil, ba'zan juda keskin tanqid qildi.

Maktablarda ta'lim sifati, kadrlar muammosi har doim "Mushtum"ning diqqat markazida bo'lib kelgan. Savodsizlik, qoloqlik, loqaydlik kabi illatlar ayovsiz qoralangan, achchiq kulgu ostiga olingan.

Xurofot, bid'at odatlar, tuturuqsiz amallar, ko'rmuridlik va aqidaparastlik kabi jamiyat rivojiga to'g'onoq illatlar ham "Mushtum"dan tez-tez musht yeb turgan.

Xotin-qizlarni o'qitish jamiyat taraqqiy etishi, ziyoli millat shakllanishi uchun nihoyatda muhimligi jurnalning deyarli har bir sonida takrorlanadi. E'tiborlisi, bu aynan jadidlarning "Mushtum"da ishtiroki faolroq bo'lgan davrlar uchun xosdir.

Madaniyatsizlik, saviyasizlik, xizmat ko'rsatish sohalaridagi kamchilik va illatlar – aholini qiynayotgan, jamiyat rivojlanishiga to'siq bo'layotgan hech bir muammo "Mushtum"ning teran nazari, o'tkir qalamidan chetda qolmagan.

Avom orasida o‘qishni bilmaydigan qatlam ko‘pligi bois, istehzo, kinoya yo‘g‘rilgan suratlar jaridada bosqichma-bosqich ko‘payib boraveradi. Biroq suratlardan ham ta’sirlisi siyosiyunlar haqidagi pamflet va felyetonlar edi.

Alalxusus, A.Qodiriyning “Yig‘indi gaplar” pamfleti mamlakatda islohot qilinishga muhtoj bolalar ta’limi va unga oid xalqqa beriladigan yolg‘on ma’lumotlar, maktablarning yetishmasligi kabi muammolarni achchiq til bilan masxaralaydi.

"Kattalarga aql va basirat, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, «Mushtum» yozishguchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘b”ligi haqida kinoya qiladi.

Jurnal jamiyatda qotib qolgan qoidalarga “rioyasizligi” bilan shuhrat qozondi. Shuning boisidan yuqori tashkilotlarning diqqat markaziga tushadi. 20-yillarda millatparvarlik, vatanparvarlik g'oyalari Inqilob va kommunizm mafkurasiga zid bo'lgan ziyolilarning ro'yxatlari shakllantirila boshlandi. Mushtumning har bir soni alohida monitoring qilindi.

1929-30 yillardan “Mushtum” bosqichma-bosqich lotin yozuvida chiqa boshladi. Uning sahifalarida bevosita xalqaro maydonda bo‘layotgan hodisalarga munosabat bildiruvchi materiallar soni ko'paydi. Stalinning Katta terrori arafasida hushyorlik, ogohlik, xalq dushmanlari, Vatan xoinlari haqidagi karikaturalar berib boshlangan. Go'yo bu bilan xalq, millat o'z oydinlaridan judolikka tayyorlangan.

Propaganda "Mushtum"i

Ikkinchi jahon urushi yillarida, 1941- yilning may oyidan boshlab jurnal o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 1951-yilning oktyabr oyidan boshlab bir oyda bir-ikki martadan chiqa boshladi. Ammo bu “Mushtum” “haqiqatni aytish yo‘lidagi kattakon amr, farmoni-humoyun” emas edi. Endi u “mazlumlar mushti” emas, qizil hokimiyat mafkurasi chaplangan jurnalga aylandi. Ichkilikbozlik, kolxoz raislari, ferma mudirlari haqida maishiy mavzulardagi materiallar, karikaturalar soni ortdi.

Ammo har qancha maishiylashsa ham, propaganda quroliga aylansa ham, "Mushtum" qator hajvchi ijodkorlarni, karikaturachi rassomlarni yetishtirgan katta maktabga aylandi.

O'zbek hajviy publitsistikasi "Mushtum" sahifalarida yanada rivojlanib, sayqal topib boraverdi. Kinoya, piching, achchiq kulgu, yengil mutoyiba va yumor vositalari orqali ijtimoiy masxaralash "Mushtum"ning uslubiga aylandi.

"Mushtum"ning o'zi ham musht yegan, tanqidga uchragan kunlar ham bo'lgan. Jumladan, jurnalda avvaldan hikoyalari bosilib turgan, jurnalning eski yozuvchilaridan bo'lgan Abdulla Qahhor shunday yozadi:

"Mushtum" naqadar kulgili bo‘lsa, shu qadar jiddiy, naqadar jiddiy bo‘lsa, shu qadar kulgili jurnal bo‘lishi kerak. Men «Mushtum»ning 60-yilda va bu yilning birinchi yarmida chiqqan sonlarini ko‘rib chiqdim. Shu sonlarga qarab hukm chiqarilsa, jurnal zimmasidagi vazifani bajarishda oqsab borayotipti. «Mushtum»ning eski muxlisi sifatida shuni aytishim mumkin: jurnal o‘zining salkam qirq yillik tarixida hamisha yuksak darajada bo‘lgan emas, uning hozirgi saviyasi va ahvoli ham porloq sahifani tashkil qilmaydi. Bu materiallar zikr qilingan xatolar, kamchiliklar, jinoyatlarni ildizi bilan qo‘porish vositasi bo‘lib emas, jazo va tergov organlariga ish ochish uchun asos bo‘libgina xizmat qiladi xolos”.
"Mushtum"to'g'risida" (1961)

Taniqli publisist, professor Muxtor Xudoyqulov jurnalning nomi borasida shunday yozadi:

Garchi bu jurnal men uchun nihoyatda aziz boʻlsa ham uning nomi xususida oʻz fikrimni aytmoqchiman: musht hech qachon kulgi vositasi boʻlmagan, aksincha zarba berish, mushtlashish quroli boʻlgan. Oʻtgan asrning boshlarida hokimiyatni, jamiyatni zoʻrlik bilan egallagan bolsheviklarga oʻziga qarshi kuchlarni yoʻqotish, urish, ular ustidan zoʻrovonlik qilish uchun musht kerak boʻlgan. Bu borada mazkur jurnal keragidan ortiq darajada xizmat qildi. Shuning uchun hozirgi zamonda bu juda joʻn nomni oʻylab koʻrish kerak. Faraz qiling, boshqa koinotdan aqlli mavjudodlar kelsa-yu oʻzbeklar bir-birini musht bilan kuldirar ekan, desa nima boʻladi?
Olimning Facebook ijtimoiy tarmog'idagi postidan, 2021

Bugungi "Mushtum"

O'tgan asrning 70-80-yillarida har oy millionlab nusxada chop etilgan "Mushtum" uchun mustaqillikning ilk yillari sinovlar, iqtisodiy qiyinchiliklar davriga aylandi. Adadlar tushib, obunachilar kamayib boraverdi.

Biroq bunday qiyinchiliklar faqat "Mushtum"da emas, mamlakat, balki butun dunyo bosma nashrlari qarshisida turgan global muammodir.

Bugun "Mushtum" zamon bilan hamnafas bo'lishga intilmoqda. Tajribali muharrirlar va rassomlar jamoasi yoshlar bilan kengayib boryapti.

"Mushtum" rassomlari qator xalqaro tadbirlarda, karikaturachilar tanlovlarida faol va ularning har bir safari jurnal sahifalarini boyitishga xizmat qiladi.

Pandemiya nafaqat insonlar, uchun, balki axborot tarqatishning sifatli formati boʻlgan bosma nashrlar uchun ham yoʻqotishlar bilan oʻtdi. Xususan, 2019-yilda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab “Mushtum” oʻz faoliyatini vaqtincha tugatishga majbur boʻldi.

Oradan ikki yil oʻtib, yaʼni 2021-yilda vaziyat yumshay boshlagach, qadrdon hajviy jurnalning tiklangani, uning birinchi soni nashriyotga topshirilgani haqida oʻsha paytdagi Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov maʼlumot berdi.

Aslida, milliy medianing qadriyatiga aylanib ulgurgan, oʻz yoʻli, qamrovi, usuli va auditoriyasiga ega minbarni izsiz yoʻqolib ketishi ham mantiqan toʻgʻri boʻlmasdi.
Jurnal o`z sahifalarida “Moziy saboqlari”, “Afandi hangomalari”, “Nazm xumdonidan”, “Mushtum sandigʻidan”, “Hajviya” kabi ruknlarda ijtimoiy muammolarga koʻzgu tuta boshladi.

Chunonchi, bosh sahifasida oʻz qamrovini hajviy, tanqidiy, koʻngilochar jurnal, deya belgilab olgan nashrning 2021-yildagi, media maydonida qaytishidagi ilk soni muqovasida jamiyatdagi mansabdorlarning tez-tez almashtirilishi hajvga olinib, “Bunisi ham kursiga kichiklik qilyapti” qochirimi orqali akslantirildi.

2022-yildagi 3-soni indallosida esa kimoʻzarga qurilayotgan turli “residence”larning oʻziga xosligiga “urgʻu” berildi. Jumladan unda quyidagi diolog oʻrin olgan:
“— Mana, kreditga “korobka”uyimiz!
— Bu “korobka”ni bitirishga yana bir “korobka” pul kerak-ku!..”
Xullas 2021-2022-yillardagi sonlarida kredit olish, komissiya tashrifiga tayyorgarlik, “qur-qur”chilaru jamiyatdagi sansolarliklar jurnal “mikroskop”idan chetda qolmadi. Eʼtiborlisi bu ogʻriq tishlarning bari birgina muqovadagilarning oʻzi xolos, jurnal sahifalarida yanada oʻtkir, yanada qiymatli fikrlar, mavzularga qoʻl urilgan.

"Mushtum" yashashi kerak

Vox-pop so'rov natijalariga ko'ra, bugun "Mushtum"ni eslaydigan, uning mazmuni-mohiyatidan xabardorlar orasida yoshi ulug'lar ko'pchilikni tashkil etadi. Ular jurnal nomini eshitiboq tabassum qiladilar, hozir chiqayotgan-chiqmayotgani bilan qiziqadilar.

Biroq yoshlar orasida "Mushtum"ni taniganlar kam. Va biz ularni buning uchun ayblay olmaymiz.

Bugun "Mushtum" nafaqat yangi texnologik kanal va vositalarni o'zlashtirishi va ularni faol qo'llashi, balki asliga, Qodiriylar, G'ozi Yunuslar istagandek, siyosiy ta'sir va propagandadan xoli, mustaqil nashr maqomiga qaytishi lozim. Ayni damda jurnal jamoasi shu ezgu maqsad yo'lida izlanishmoqda.

Mazkur hujjatli longrid O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti qoshida tashkil etilgan Vizual tadqiqotlar va multimediaviy loyihalar ilmiy-amaliy laboratoriyasi tomonidan Oyina.uz portali bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Materialni tayyorlashda yordam bergan O'zJOKU jamoasiga, shuningdek, "Turon" axborot-kutubxona markazi, O'zbekiston milliy kutubxonasi, O'zArxiv tashkilotlari, "Mushtum" jurnali tahririyatiga va bizni qo'llab-quvvatlagan, ishonch bildirgan barchaga tashakkur.

Ushbu sharjlarni mahorat bilan chizgani uchun "Mushtum" jurnali rassomi Husan Sodiqovga minnatdorchilik bildiramiz.

This is a Shorthand story for reviewPublished stories don't show this section.

GIVE FEEDBACK TO THE STORY OWNER

This feature is not available in landscape. Please rotate your device.

GIVE FEEDBACK TO THE STORY OWNER

More than 4 characters is required
Name must contain only letters, hyphens, apostrophes, full-stops and spaces
Wait, that does not look like a valid email address!
Your feedback was sent to the story owner.
There is been an issue with submitting your feedback.

TEST ON ANOTHER DEVICE

This feature is not available in landscape. Please rotate your device.

TEST ON ANOTHER DEVICE