Karnay ovozi bilan boshlanadigan gimn va Oripovning ikkinchi she'rini ortda qoldirib

Davlat madhiyasi qanday tanlangan edi?

Bayroq va gerb – mamlakatning yuzi boʻlsa, madhiya esa sozi, ovozidir.

Bugun dunyoda 200 ga yaqin davlat she’riy va ritmik ramkadagi qiyofasiga ega. Ular orasida vatanimiz madhiyasi ulugʻvorligi bilan ajralib turadi.

Oʻzbekiston xalq artisti Mutal (Mutavakkil) Burhonovning “Koʻngil xazinasi” kitobida yozishicha, aslida “Serquyosh”imizning musiqasi 1946-yili yaratilgan. Oʻshanda bastakor 30 yoshda edi. U oʻzi yozgan “Poema”ni (madhiya musiqasining shartli nomi) davlat gimni sifatida qabul qilinishini kutmagandi.

1947-yili qabul qilingan OʻzSSR madhiyasining she’ri Temur Fattohov qalamiga mansub. Sobiq Ittifoq boʻylab  shaxsga sigʻinish qoralana boshlangach, madhiya oʻzgartirildi. 1956-yilii Stalin bilan bogʻliq satrlar Turob To'la tomonidan almashtiriladi. Ammo musiqa oʻzgarishsiz qoldi.

Davlat gimnining kuyi saqlanib, soʻzlarini oʻzgartirish an’anasi sobiq sovet respublikalarida hatto mustaqillikdan soʻng ham davom etdi. Tojikiston SSR musiqasini oʻzbek kompozitori Sulaymon Yudakov yaratgan. Ozod tojik diyor hali hamon oʻsha notalardan foydalanadi.

Belorussiya Respublikasi 2002-yilgacha Sovet davridagi gimnini soʻzsiz qoʻllab kelgan. Turkmanistonda 1996-yil 27-sentabrga qadar eski madhiya amalda boʻlgan. Faqat 1991-yildan soʻzsiz ijro etilgan. Rossiyada esa, aksincha, 2000-yildan SSSR gimni musiqasiga qaytildi.

1992-yil 8-10-dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi chaqiriq o‘n birinchi sessiyasi. Aynan shu kunlari mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlashda muhim qadamlar qo‘yildi – ham Konstitutsiya, ham Davlat madhiyasi qabul qilindi.

“Har qanday mustaqil davlatning juda ko‘p jihatlaridan tashqari, to‘rtta muhim belgisi bo‘ladi: konstitusiyasi, bayrog‘i, tamg‘asi hamda madhiyasi. Bizda uning shu paytgacha faqat ikkitasi mavjud edi. Endi but bo‘ldik. Bu galgi sessiyaga fuqarolarimiz tarixiy sessiya, deb baho berishmoqda. Men ham ularning fikriga to‘la qo‘shilaman”.
Eshdavlat Safarov, O‘zbekiston xalq deputati, Uzun tumani hokimi ("Xalq so‘zi", 1992-yil 11-dekabr)
“Anjumanni o‘rnimizdan turib, o‘z davlat madhiyamiz sadolari ostida yakunladik. O‘sha dam dilim faxr va iftixorga to‘lgani-yu beixtiyor qay darajada to‘lqinlanib ketganimni batafsil ifodalab berishim mushkul”.
Abdushukur Muhammadqulov, O‘zbekiston xalq deputati, Chelak tumani hokimi ("Xalq so‘zi" 1992-yil 11-dekabr)

Davlat madhiyasi qabul qilinishi xronologiyasini quyidagi infografikada koʻrish mumkin.

Oʻsha tarixiy voqealarning  voqealarning bevosita shohidi boʻlgan Oʻzbekiston san’at arbobi akademik Rustam Abdullayevdan intervyu olish uchun Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasiga bordik. U yerda davlat madhiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbir ustidan chiqdik.

"Yozgan musiqamni "Sharq yulduzi" deb nomlagandim"

"Davlat madhiyasi musiqasi va matni uchun tanlov e'lon qilinganda respublikaning turli burchaklaridan ijodiy ishlar kela boshladi. Mualliflar orasida juda mashhur insonlar, san'atkor va shoirlar bor edi. Tanlovga yuborilgan materiallarni saralash maqsadida alohida komissiya tuzildi. Rais etib Pirimqul Qodirov tayinlandi. Kotib esa telejurnalist Oʻrol Oʻtayev boʻldi".
Rustam Abdullayev, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi

Tanlov komissiyasiga musiqiy asarning klavir, ya'ni fortepiano varianti topshirilishi kerak edi. Rustam Abdullayevning aytishicha, 78 nomzodning orasida faqat notaning o'zi bilan qatnashganlar ham boʻlgan.

"Saralash bosqichi xuddi mana shu binoda, boya tadbir boʻlgan zalda yopiq tarzda oʻtkazildi. Komissiya a'zolaridan boshqa hech kim zalga yoʻlatilmadi. Taqdim etilgan asarlar shifrlangan, kimning ishini baholayotganini hay’at bilmas edi.  Men oʻzim yozgan musiqani "Sharq yulduzi" deb nomlagandim".
Rustam Abdullayev, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi

Mustaqil O'zbekiston davlat madhiyasi bo'yicha tanlovda Rustam Abdullayev va Baxtiyor Aliyev taqdim etgan musiqalar saralab olindi. Shuningdek, eski madhiya musiqasi (kompozitor – Mutal Burhonov) ham tanlovning final bosqichiga o'tkazildi. Unga Abdulla Oripov yangi matn yozdi. E'tiborlisi, Baxtiyor Aliyev musiqasiga ham shu shoir she’r bitgan edi.  Rustam Abdullayevning "Sharq yulduzi"ga esa Mirpo’lat Mirzo soʻz bogʻladi.

"Final bosqichida bizdan asarlarimizning partitudasini, ya'ni orkestr ijrosi uchun mo'ljallangan variantini taqdim etish so'raldi. Oliy Kengash sessiyasiga bir oy qolganda davlat madhiyasi muqobil variantlari orkestr va xor ijrosida O'zbekiston teleradiokompaniyasi orqali ommaga taqdim etildi. Xalq o'z fikrini telefon qo'ng'iroqlari va xatlar orqali bildira boshladi. Nihoyat 1992-yil 10-dekabrda Oliy Kengash sessiyasi yakunida har uchala variant deputatlar muhokamasiga qo’yildi".
Rustam Abdullayev, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi
"Avval Baxtiyor Aliyev musiqasi va Abdulla Oripov she'ri bilan yozilgan variant taqdim etildi. Keyin Mirpo'lat Mirzo ikkimizning variantimiz eshittirildi. Bizda musiqa karnay sadolari bilan boshlanardi. Shu bois "Xorijga chiqqanda karnay ko'tarib yuramizmi", qabilida yarim hazil e'tirozlar bildirildi. Oxirida Mutal Burhonov va Abdulla Oripov tandemi yaratgan variant taqdim etildi va u 404 ovoz bilan g'alaba qozondi. Ammo hech qaysimiz xafa bo'lmadik. Axir hammamizning maqsadimiz bir - milliy madhiyamizni yaratish edi".
Rustam Abdullayev, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi

"Serquyosh"ga muqobil sifatida taqdim etilgan variantlar

Abdulla Oripov she'ri va Baxtiyor Aliyev musiqasi bilan taqdim etilgan muqobil variant tanlovda 3-o'rinni olgan

Rustam Abdullayev va Mirpo'lat Mirzoning asari  taqdim etgan variant tanlovda ovozlar soni bo'yicha ikkinchi o'rinni olgan

Musiqaga shartli ravishda "Sharq yulduzi" deb nom qo'yilgan. Finalda esa she'r matniga ko'ra "Muzaffar o'lkasan" degan nom tanlandi.

Musiqa boshida karnay, oxirida esa nog'ora sadolari bor.

Oliy Kengash sessiyasida eng koʻp ovoz olgan milliy madhiyamiz musiqasidagi ulugʻvorlik, tantanavorlik dastlabki notalardanoq seziladi. Ana shu kayfiyat va ruh asarning boshidan oxirigacha saqlanadi. Mutal Burhonov oʻz asarining har bir akkordiga kishi qalbida faxr, iftixor tuygʻularini uygʻotadigan, toʻlqinlantiradigan ohang kuchini joyladi. Shu bois bu musiqa yurt madhiyasi sifatida bugun har birimizning qalbimizdan joy olgan. Musiqa, kompozitorning o'z ta'biriga ko'ra, milliy kuylarimizdan ilhomlanib yozilgan. Millatning ulug'vorligini ohangda ifoda etish uchun "Gardun" yo’lidagi tantanavorlik, ko'tarinki ruh juda mos tushgan.

“Yangi eʼlon qilingan tanlov qatnashchisi sifatida mustaqil davlatimiz parlamentida oʻtirar ekanman, qalbim gʻururga toʻla edi, chunki shu musiqa  barchaning qalbidan joy olganiga ishonardim, — deya yozadi Mutal Burhonov. — Musiqaning yarmiga kelganida zalda olqishlar boshlandi...”
Mutal (Mutavakkil) Burhonovning “Koʻngil xazinasi” kitobidan olindi
This is a Shorthand story for reviewPublished stories don't show this section.

GIVE FEEDBACK TO THE STORY OWNER

This feature is not available in landscape. Please rotate your device.

GIVE FEEDBACK TO THE STORY OWNER

More than 4 characters is required
Name must contain only letters, hyphens, apostrophes, full-stops and spaces
Wait, that does not look like a valid email address!
Your feedback was sent to the story owner.
There is been an issue with submitting your feedback.

TEST ON ANOTHER DEVICE

This feature is not available in landscape. Please rotate your device.

TEST ON ANOTHER DEVICE